2026-yil 26–27-noyabr kunlari Ashxobod shahrida «MDHga a’zo davlatlar o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlashda mehnatni tashkil etish va me’yorlashtirishni rivojlantirish istiqbollari» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turkmaniston Davlat axborot agentligi (TDH) xabar beradi.
Forumning asosiy maqsadi iqtisodiyotni raqamlashtirish hamda Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini mustahkamlash sharoitida mehnatni me’yorlashtirish bo‘yicha tajriba va ilg‘or usullar bilan tanishish, shuningdek, MDH davlatlari hamda tegishli tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Konferensiyada Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning vakolatli idoralari hamda transport tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, mehnatni me’yorlashtirish bo‘yicha ishlarni uslubiy, tashkiliy va texnik jihatdan ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi MDH mamlakatlarining yetakchi tuzilmalari, Davlatlararo statistika qo‘mitasi, Turkmanistonning tegishli vazirliklari va tarmoq boshqaruv idoralari vakillari ham forumga qo‘shiladi.
Vazirlar Mahkamasining majlisida Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Xo‘shamyrat Geldimyradov bo‘lajak konferensiyaga tayyorgarlik ishlari haqida hisobot berdi.
Hisobotni tinglagan Prezident Serdar Berdimuhamedov iqtisodiyotga raqamli tizimni joriy etishda jahondagi ilg‘or tajribaga tayanish muhimligini ta’kidladi. Davlat rahbari bo‘lajak konferensiya ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilganini qayd etib, vitse-premyerga forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uning yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilishini ta’minlashni topshirdi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.