Turkmanistonda yosh dasturchilar, dasturiy ta'minot yaratuvchilari va ixtirochilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Raqamli yechim – 2026» innovatsion loyihalar va startaplar tanloviga arizalar qabul qilinmoqda. Ishtirokchilar milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va raqamli islohotlarni ilgarilashga qaratilgan o‘z yechimlarini yetti yo‘nalish bo‘yicha taqdim etishlari mumkin.
Ushbu tanlov 2020-yildan buyon Turkmaniston Aloqa vazirligi tomonidan Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida o‘tkazib kelinmoqda. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni zamonaviy dasturiy ta'minot hamda texnologik yechimlarni yaratishga rag‘batlantirishdan iborat. Tanlovda maktab o‘quvchilari, talabalar va yosh mutaxassislar ishtirok etishmoqda.
Joriy yilda tanlov sun'iy intellekt, robototexnika va avtomatlashtirish, «aqlli» qishloq xo‘jaligi, Smart City konsepsiyasi, raqamli ta'lim, raqamli tibbiyot hamda xizmat ko‘rsatish sohasidagi raqamli yechimlar yo‘nalishlarini qamrab oladi. Tanlov g‘oliblari yil yakunida o‘tkaziladigan «Türkmentel – 2026» xalqaro ko‘rgazmasi doirasida e'lon qilinadi. Arizalar telecom.tm rasmiy portali orqali elektron shaklda qabul qilinmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.