
Turkmanoboddagi S. A. Niyozov nomidagi kimyo zavodining mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan yangi majmuasida “Sanoat 4.0” konsepsiyasi tatbiq etilib, kimyoviy reaksiyalar sun’iy intelekt (SI) tomonidan boshqariladi. Bu haqda payshanba kuni Turkmaniston rasmiy matbuoti xabar berdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, bu inson omilini kamaytirishga va kimyoviy birikmalar tarkibida yuqori aniqlikni ta’minlashga imkon beradi. “Sanoat 4.0” konsepsiyasining joriy etilishi bilan Turkmanoboddagi kimyo zavodi oddiy sanoat korxonasidan global raqamli ekotizimga ulangan yuqori texnologiyali markazga aylanadi.
“Aqlli” ishlab chiqarishda sanoat interneti va katta ma’lumotlar (Big Data) tahlili texnologiyalari fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni real vaqt rejimida nazorat qilishga, xomashyo va elektr energiyasi sarfini tejashga hamda ishlab chiqarishdagi uzilishlarning oldini olishga yordam beradi.
Shuningdek, Turkmanoboddagi kimyo zavodi Turkmaniston Fanlar akademiyasi bilan birgalikda nafaqat o‘simliklarni oziqlantiradigan, balki tuproq sho‘rlanishining oldini oluvchi va uning tarkibini yaxshilaydigan vositalarni yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 2025-yilning oktyabr oyida Turkmanoboddagi kimyo zavodida yiliga 350 ming tonna superfosfat va 100 ming tonna ammoniy sulfat o‘g‘itini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ushbu yangi majmua qurilishiga tamal toshini qo‘ygan edi.
Keywords