Xitoylik mutaxassislar bir yo‘la 800 nafarga yaqin yo‘lovchini tashishga qodir bo‘lgan yangi keng korpusli yo‘lovchi samolyoti loyihasini ishlab chiqmoqdalar. Yangi samolyotni odatdagi tuzilishdan farqli o‘laroq, «uchuvchi qanot» aerodinamik sxemasi bo‘yicha yaratish rejalashtirilgan. Loyiha Xitoy Aerodinamika tadqiqotlar va ishlanmalar markazi (CARDC) ilmiy guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha mamlakatning yirik fuqarolik samolyotlarini yaratish bo‘yicha milliy dasturining kelgusidagi bosqichlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. «Uchuvchi qanot» turidagi samolyotda odatdagi yo‘lovchi samolyotlaridagidek alohida fyuzelyaj, qanotlar va dum qismi bo‘lmaydi. Uning asosiy tuzilmaviy elementlari yagona ko‘taruvchi korpusga birlashtiriladi. Bunday tuzilish samolyotning aerodinamik samaradorligini oshirish va yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini berishi ta’kidlanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi samolyotning eni taxminan 85 metr, uzunligi 43 metr bo‘ladi. Qanotlarining kengligi esa shunga o‘xshash aerodinamik sxema bo‘yicha qurilgan AQShning strategik B-2 Spirit samolyotining qanot kengligidan taxminan 1,6 barobar katta bo‘lishi mumkin. Yangi loyiha amalga oshirilgan taqdirda, yo‘lovchi sig‘imi bo‘yicha hozirgi kunda dunyodagi eng yirik yo‘lovchi samolyotlaridan biri bo‘lgan Airbus A380 dan ham o‘zib ketishi mumkin. A380 taxminan 555 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lsa, xitoylik mutaxassislar ishlab chiqayotgan yangi samolyot 800 nafarga yaqin yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan. Loyihaning rasmiy nomi hozircha belgilanmagan. Xitoylik aerodinamika bo‘yicha olim Li Yunxunning ta’kidlashicha, «uchuvchi qanot» tuzilishi samolyotga aerodinamik jihatdan bir qancha afzalliklarni berib, uchish masofasini oshirish bilan bir qatorda energiya sarfini kamaytirishga imkon berishi mumkin. Hozircha samolyotning to‘liq hajm nusxasi tayyorlanmadi. Shunga qaramay, loyiha mualliflari 1:52 masshtabida tayyorlangan kichraytirilgan nusxa ustida sinovlarni o‘tkazmoqdalar. Avvalgi sinovlarning natijalari modelning aerodinamik xususiyatlari yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, yangi samolyot uzoq masofalarga ko‘p sonli yo‘lovchini tashish uchun mo‘ljallangan yirik fuqarolik aviatsiyasidagi kelgusidagi texnologiyalardan biri bo‘lishi mumkin.
Xitoy 800 yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi samolyot loyihasi ustida ishlamoqda
1 daqiqa o'qish

✈️ Xitoy 800 yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi samolyot yaratmoqda Xitoylik mutaxassislar taxminan 800 yo‘lovchiga mo‘ljallangan, «uchuvchi qanot» aerodinamik sxemasidagi yangi keng fyuzelyajli samolyot loyihasini ishlab chiqmoqda. Loyiha amalga oshsa, yangi samolyot yo‘lovchi sig‘imi bo‘yicha Airbus A380dan ham ustun kelishi mumkin.






Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.