
Xitoyda rasmiy ravishda Tyanshan Shengli tunneli ochildi. U Urumchi–Yuli tezyurar avtomobil yo‘lining markaziy qismi bo‘lib, dunyodagi eng uzun avtomobil tunneli hisoblanadi. Tunnel uzunligi 22 kilometrni tashkil etadi. Besh yil davomida innovatsion muhandislik yechimlari asosida qurilgan tunnel Urumchi va Korla shaharlari o‘rtasidagi yo‘l vaqtini deyarli ikki barobarga qisqartirib, uch yarim soatgacha kamaytirdi. Tunnel Tyanshan tog‘ tizmalari orqali, dengiz sathidan taxminan 3000 metr balandlikda o‘tadi, bu yerda havo harorati –42 °C gacha tushishi mumkin.
Xinjiang Transport Investment and Development kompaniyasining bosh muhandisi so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy usullar bilan bunday avtomobil yo‘lini qurish kamida o‘n yil vaqt talab qilgan bo‘lardi.
Shu sababli muhandislar “uch tunnel va to‘rt shaxta” deb nomlangan innovatsion yondashuvni qo‘lladilar. Bitta uzun va chuqur asosiy tunnel o‘rniga bir vaqtning o‘zida uchta tunnel — bitta asosiy va ikkita parallel tunnel qurildi.
Parallel tunnellar qurilish jarayonida oldindan geologik tadqiqotlar olib borish hamda ishchilar va texnika harakatini ta’minlash imkonini berdi. Favqulodda holatlarda uchinchi tunnel shamollatish uskunalarini joylashtirish va evakuatsiya yo‘li sifatida xizmat qilishi mumkin.
To‘rt shaxta yer yuzasidan tunnel chuqurligigacha bo‘lgan vertikal yo‘laklar bo‘lib, ularning chuqurligi qariyb 700 metrga yetadi. Ular qo‘shimcha kirish va chiqish yo‘llari bo‘lib xizmat qilib, bir vaqtning o‘zida bir nechta uchastkalarda ish olib borish imkonini yaratdi. Shuningdek, loyiha avtomobil tunneli uchun qurilgan eng chuqur vertikal shaxta bo‘yicha jahon rekordini ham o‘rnatdi.
Shimol va janub o‘rtasidagi yo‘l vaqtining qisqarishi energiya resurslari va sanoat mahsulotlarini shimolga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini esa janubga yetkazib berishni yengillashtirib, butun mintaqaning iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi.
Keywords