«Volkswagen» kompaniyasi Janubiy Amerika bozori uchun tayyorlanayotgan yangi «Amarok» pikapining ilk suratlarini keng jamoatchilikka taqdim etdi. Yangi model ishlab chiqarilishini 2027-yilda Argentinadagi «Volkswagen General Pacheco» korxonasida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Yangi «Amarok» hozirgi kunda «Ford Ranger» platformasida ishlab chiqarilayotgan global versiyadan tubdan farq qiladi. Shunday qilib, 2027-yildan boshlab «Volkswagen» turli bozorlar uchun «Amarok» nomi ostida ikkita alohida modelni taklif qilishi mumkin.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Amerika uchun mo‘ljallangan yangi pikapning arxitekturasi «SAIC» konserni bilan hamkorlikda yaratilgan modellar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Xususan, u Xitoyda «Maxus Interstellar X» nomi bilan tanilgan pikapning texnik bazasidan foydalanishi ehtimoldan xoli emas.

Kompaniya tarqatgan tizer suratlari yangi «Amarok»ning tashqi ko‘rinishi ham jiddiy yangilanishini ko‘rsatmoqda. Avtomobilning old qismida kuzov kengligi bo‘ylab cho‘zilgan LED yorug‘lik chizig‘i, qo‘shimcha kunduzgi chiroqlar va ko‘ndalang chiziqli radiator panjarasi joylashtiriladi.

Yangi modelning asosiy xususiyatlaridan biri elektrlashtirilgan kuch agregati bo‘ladi. «Volkswagen» kelgusidagi «Amarok» model tarixidagi eng quvvatli versiyaga ega bo‘lishini allaqachon ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, eng yuqori darajadagi 800 TSI deb nomlanishi kutilayotgan PHEV varianti 470 ot kuchidan ortiq quvvatni va taxminan 800 Nm aylanish momentini ta’minlay oladi. Bunday avtomobil soatiga 100 kilometr tezlikka to‘xtab turgan joyidan besh soniyadan ham kam vaqt ichida erishishi kutilmoqda.

Yangi pikapning eng quvvatli versiyasida to‘liq tortish tizimidan foydalanilishi mumkin. Shu bilan birga, dizel dvigatelli modifikatsiyalarning ham ishlab chiqarishda saqlanib qolishi ehtimoli yuqori.

Yangi «Amarok» Janubiy Amerika bozorida «Toyota Hilux», «Ford Ranger» va «Mitsubishi Triton» kabi mashhur pikap modellari bilan raqobatlashadi.

«Volkswagen» yangi modeli yordamida Janubiy Amerika bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlashni hamda zamonaviy, quvvatli va elektrlashtirilgan pikaplarga bo‘lgan talabni qondirishni maqsad qilgan.