
YouTube blogeri va ilmiy sharhlovchi Zak Armstrong Coca-Cola ichimligini imkon qadar aniq qayta yaratganini ma’lum qildi. U tajriba jarayonini batafsil ko‘rsatgan videoni LabCoatz YouTube kanaliga joylashtirdi.
Video bir haftadan kam vaqt ichida 5,3 milliondan ortiq tomosha va 21 mingdan ziyod izoh to‘pladi. Armstrong ichimlikni tahlil qilish uchun laboratoriya uskunalari, jumladan, mass-spektrometrlardan foydalandi.
Olingan ma’lumotlarga asoslanib, u bir necha oy davomida retsept ustida ishlab, uni asl ichimlikka iloji boricha yaqinlashtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ichimlikning 99 foizi shakar, fosfor kislotasi va kofein kabi oddiy tarkibiy qismlardan iborat.
Ta’mning asosiy qismini efir moylari aralashmasi belgilaydi. Tahlil sitrus mevalaridan alfa-terpinen, dolchindan sinnamaldegid, shuningdek, muskat yong‘og‘i va koriandrga xos birikmalar mavjudligini ko‘rsatdi.
Muhim bosqich sifatida og‘izda qurituvchi va achishtiruvchi ta’sir beruvchi sharob taninlari hamda tozalangan koka bargi ekstrakti aniqlangan. Bloger bu komponentni choy daraxti moyi bilan almashtirganini aytdi.
Armstrong natijada olingan ichimlik kimyoviy jihatdan asl Coca-Cola’ga juda o‘xshash ekanini ta’kidlaydi. U uni “Lab-Cola” deb nomladi. Retsept ustida ishlash deyarli bir yil davom etdi. Ko‘r sinovlarda ishtirokchilar uni do‘kondagi mahsulotdan ajrata olmadi, ayrimlari esa yangi variantni afzal ko‘rdi.
Keywords