2026-yil 14-oktabr kuni AQShning Kaliforniya janubiy okrugi bo‘yicha federal sudi mamlakat Davlat departamentiga Green Card lotereyasini o‘tkazishni buyurdi. Bu haqda Courthouse News Service nashri sud qaroriga tayanib xabar berdi.

AQShda doimiy yashovchi maqomini olish imkonini beruvchi Green Card dasturi 1990-yilda yo‘lga qo‘yilgan. Uning doirasida har yili turli mamlakatlar fuqarolari o‘rtasida 50 mingta immigratsion viza taqsimlangan. Lotereyada g‘olib bo‘lganlar AQShda doimiy yashash va ishlash, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish hamda tegishli ijtimoiy imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lishlari mumkin. Green Card egalari belgilangan talablarga javob bergan taqdirda, besh yildan so‘ng AQSh fuqaroligini olish uchun ariza topshirishlari mumkin.

2025-yil dekabr oyida AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem prezident Donald Trampning ko‘rsatmasiga binoan dastur to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi.

Sud ishi AQSh Davlat kotibi Marko Rubioga qarshi Red Eagle Law yuridik firmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. Dastlab sud ro‘yxatdan o‘tish muddatlarini 2026-yil 15-oktabrgacha e’lon qilishni, arizalarni qabul qilishni esa 18-oktabrdan kechiktirmay boshlashni va bu jarayonni 30 kun davom ettirishni buyurgan.

Keyinchalik tomonlar muddatlarni o‘zgartirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Yangi kelishuvga ko‘ra, arizalarni qabul qilish 2026-yil 1-noyabrdan kechiktirmay boshlanishi, lotereya natijalari esa 3-dekabrgacha e’lon qilinishi kerak.

Shunga qaramay, sud qarori Green Card lotereyasi albatta qayta boshlanishini anglatmaydi. AQSh ma’muriyati ushbu qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyatini saqlab qolmoqda. Shu sababli bo‘lajak ishtirokchilarga arizalarni qabul qilish sanalari va dastur kelajagi haqidagi rasmiy xabarlarni kuzatib borish tavsiya etiladi.