
Turkmaniston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik doirasida, jahon arxeologiyasining eng yirik kashfiyotlaridan biri bo‘lgan qadimiy Margush (Margiyona) davlati yodgorliklariga bag‘ishlangan qo‘shma ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi. Ikki mamlakat hududida tashkil etiladigan ushbu xalqaro tadbir loyihasi haqida Rossiya Federatsiyasining Turkmanistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Ivan Volinkin «Neytralniy Turkmenistan» gazetasida chop etilgan maqolasida ma’lum qildi.
Diplomatning ta’kidlashicha, Rossiya tomonining tashabbusi bilan tayyorlanayotgan ushbu ko‘rgazmaning Rossiyadagi tantanali qismini A.S. Pushkin nomidagi Davlat tasviriy san’at muzeyida o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
O‘tkaziladigan ko‘rgazmaning asosiy poydevori va markazidagi boyliklar qadimiy Margush podsholigining poytaxti bo‘lgan Gonurdepe shaharchasidan topilgan tarixiy topilmalardan iborat bo‘ladi. Miloddan avvalgi 2300—1500-yillarga oid bo‘lgan ushbu hududdan topilgan va hozirgi vaqtda Turkmaniston Davlat madaniyat markazining Davlat muzeyida hamda Mari viloyatining Tarix va o‘lkashunoslik muzeyida asrab-avaylab kelayotgan o‘n minglab osori-atiqalar ilk bor bunday keng ko‘lamda jamoatchilikka namoyish etiladi.
Eksponatlar orasida yuqori badiiy qiymatga ega oltin va kumush taqinchoqlar, tosh, suyak hamda bronzadan yasalgan noyob tarixiy buyumlar bo‘ladi.
Rossiya va Turkmaniston o‘rtasidagi arxeologik qidiruvlar va hamkorlik 50 yildan ortiq tariqqa ega. Ushbu davr mobaynida ikki davlat olimlari Gonurdepe, ilk dehqonchilik markazi bo‘lgan Yilgynlydepe va Ko‘hna Nusay yodgorliklarida dunyo ahamiyatiga molik qazishma ishlarini olib bordilar.
Olimlarning bergan baholariga ko‘ra, qadimiy Margush sivilizatsiyasi o‘zining tarixiy va madaniy qiymati bo‘yicha Mesopotamiya, Misr, Xitoy va Hindiston kabi jahon madaniyatining eng yirik o‘choqlari bilan bir qatorda turadi.
Ushbu o‘tkaziladigan ko‘rgazma nafaqat tarixiy boyliklarni, balki ikki mamlakatning ilmiy va madaniy aloqalari yangi bir bosqichga qadam qo‘yganining yorqin isboti bo‘ladi.
Keywords