
Joriy yilning 28-apreli — 4-iyuni oralig‘ida amalga oshirilayotgan «Dunaydan Orxonga: Sharq — G‘arb ipak yo‘li» deb nomlangan mashhur xalqaro avtoralli yana Turkmaniston hududidan o‘tdi. Dunyoning turli davlatlaridan avtomobil sporti ishqibozlari va sayyohlarni bir joyga jamlagan ushbu yirik tadbirning bosh maqsadi — qadimiy Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishida joylashgan mamlakatlarning tarixiy-madaniy qadriyatlari, boy merosi bilan yaqindan tanishish hamda ularni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishdan iboratdir.
Katta qiziqish uyg‘otgan avtoralli dastlab Turkiya Respublikasidan yo‘lga chiqib, Gruziya va Ozarbayjon Respublikasi hududlaridan o‘tdi. Ishtirokchilar Boku xalqaro dengiz portidan kema orqali Kaspiy dengizini suzib o‘tib, Turkmanboshi shahridagi Xalqaro dengiz portiga yetib keldilar.
Mamlakatimiz hududida tashkil etilgan maxsus yo‘nalish xalqaro ralli sporti vakillariga Turkmanistonning ko‘p asrlik tarixi, takrorlanmas noyob tabiati hamda ulkan sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishish uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Safar davomida dunyoning turli chekkalaridan kelgan mehmonlar Kaspiy dengizining durdonasi bo‘lmish «Avaza» milliy sayyohlik zonasida, ajoyib tabiiy go‘zallik hisoblangan «Yangigala» kanyonida, Bolqonobod shahrida va mashhur «Kov-ota» yerosti ko‘lida bo‘ldilar.
Shuningdek, avtoralli ishtirokchilari oq marmarli poytaxtimiz Ashgobod shahrining muhtasham binolarini, Qoraqum sahrosining qoq markazida joylashgan va dunyo sayyohlarining diqqatini tortib kelayotgan «Qoraqum yog‘dusi» gaz kraterini hamda Toshhovuz viloyatining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildilar.
Turkmanistondagi unutilmas madaniy va sport dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan xalqaro avtoralli karvoni Toshhovuz viloyatidagi «Ko‘hnafaoliyat» (Ko‘hnaurganch) avtotransport nazorat-o‘tkazish punkti orqali qo‘shni O‘zbekiston Respublikasiga qarab yo‘l oldi.
Keywords