Finlyandiyadagi Yuusluoto orollar majmuasi 4,8 million yevroga sotuvga qo‘yildi. Sovet davrida bu yerda yuqori darajadagi yopiq uchrashuvlar o‘tkazilgani sababli, majmua tarixiy ahamiyati bilan e’tiborni tortmoqda. Bu haqda «MK.RU» Finlyandiyaning «Talouselämä» nashriga tayanib xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, orollar majmuasidagi qabul uyida Finlyandiya prezidenti Urho Kekkonen va SSSR Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi Leonid Brejnev bo‘lgan. Shu sababli Yuusluoto o‘tmishda siyosiy muzokaralar uchun foydalanilgan joylardan biri sifatida tanilgan.

Arxipelag dengizida joylashgan majmua beshta orolni o‘z ichiga oladi. Bo‘lajak xaridorga jami 25 gektar quruqlik va 76 gektar suv hududi taklif etilmoqda.

Orollar majmuasining egasi bo‘lgan kompaniya uni ikki yildan beri sotishga urinmoqda. Shu vaqt ichida mulkning narxi 6,5 million yevrodan 4,8 million yevrogacha tushirildi.

Tarixiy o‘tmishi, orollarning tabiiy xususiyatlari va keng suv hududi bilan ajralib turadigan ushbu majmua hozirda xususiy ko‘chmas mulk bozorida o‘z xaridorini kutmoqda.