
Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi zamonaviy “Circus Sea Breeze” sirk majmuasida Turkmanistonning mashhur “Galkinish” milliy ot ustidagi o‘yinlar guruhi a’zolari hamda Turkmaniston Davlat sirki va Arkadag shahridagi Go‘ro‘g‘li nomidagi Davlat otchilik sirki artistlari tomonidan unutilmas chiqishlar namoyish etildi. Bu haqda Turkmaniston TIV saytida xabar berilgan.
Chiqish davomida turkman artistlari tomoshabinlarga milliy ot ustidagi o‘yinlar elementlarini, mashhur axaltaka otlari ustida bajarilgan murakkab akrobatik harakatlarni va jigitlik san’atining ajoyib namunalarini ko‘rsatdilar. Odam va otning uyg‘un harakati, axaltaka otlarining go‘zalligi va chaqqonligi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Galkinish” guruhi xalqaro miqyosda keng tanilgan bo‘lib, Monte-Karloda o‘tkazilgan nufuzli Xalqaro sirk festivalining Bosh sovrini sohibidir. Bu turkman artistlarining yuksak mahoratini hamda ularning jahon sirk san’ati rivojiga qo‘shayotgan hissasini yaqqol ko‘rsatadi.
“Circus Sea Breeze” arenasidagi chiqishlar guruhning Ozarbayjondagi gastrollarining davomidir. Turkman artistlarining mahorati 30-martga qadar keng tomoshabinlar ommasiga havola etiladi. Bunday madaniy tadbirlar Turkmaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Keywords