Sovet davrining mashhur musiqa jamoalaridan biri bo‘lgan Turkmanistonning «Güneş» vokal-instrumental ansamblining ilk albomi 45 yildan so‘ng rasman qayta nashr etildi. Bu haqda Rossiyaning «Melodiya» firmasi xabar berdi.

1979-yilda ilk bor yozib olingan albom hozirgi kunda 180 grammlik vinil plastinkasida qaytadan tinglovchilarga taqdim etilmoqda. Mutaxassislar ushbu asarni sovet gruvi (groove), progressiv jaz-rok va sharqiy fýujn (fusion) janrlarining eng ta'sirli namunalaridan biri sifatida tavsiflaydilar.

«Güneş» ansambli 1970-yilda Ashxobodda xonanda Murat Sadykov tomonidan tuzilgan. Keyinchalik jamoa sozandalar Oleg Korolyov va Shamammet Bashimov boshchiligida o‘ziga xos ijodiy yo‘lini davom ettirib, turkman milliy kuylarini g‘arb jaz-roki elementlari bilan uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Jamoaning repertuarida Maxtumguli Firog‘iy, Seydiy va Andalib she'rlariga yaratilgan qo‘shiqlar, xalq kuylarining qayta ishlangan nusxalari hamda instrumental kompozitsiyalar muhim o‘rin egalladi. Shuningdek, albomga kompozitor Nury Halmammamedovning «Keçpelek» asari kiritildi.

Albomning ajralib turuvchi asarlaridan biri bo‘lgan «Gündogar sowgady» («Восточный сувенир») nomli instrumental kompozitsiya 11/8 o‘lchamdagi murakkab ritmi bilan ajralib turadi va do‘mbirachi Rishad Shafiyevning mahoratini ochib beradi.

Yangi nashr uchun vinil plastinkasining ovoz yozuvlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri original analog lentalardan tiklandi. Ovozni restavratsiya qilish ishlari ovoz rejissyori Maksim Pilipov tomonidan amalga oshirildi.

Shuningdek, yangi vinil plastinkasining tashqi bezagi asl nusxadagi dizayn asosida tayyorlanib, qo‘shiqlar matnlari va ularning rus tilidagi tarjimalari bilan to‘ldirildi.

Albomning qayta nashr etilishi «Güneş» ansamblining ijodiy merosini yangi avlod tinglovchilariga yetkazish bilan bir qatorda, turkman musiqa san'atining xalqaro darajadagi qimmatini yanada yuksaltiradi.