Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi davlat tashrifi bilan Oʻzbekiston Respublikasiga keldi. Hindiston hukumati rahbarini Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Tashrif davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va koʻp qirrali munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarish bilan bogʻliq masalalarning keng koʻlamiga qaraladi.

M muzokaralarda siyosiy aloqalarning izchil xususiyatini mustahkamlash, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish bilan bir qatorda, iqtisodiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Xususan, savdo, energetika, kimyo sanoati, geologiya, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va mashinasozlik kabi yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy darajadagi muhim masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar. Shuningdek, turli koʻp tomonlama hamkorlik formatlari doirasida oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.

Tashrif yakunlari boʻyicha bir qator ikki tomonlama hujjatlar va kelishuvlarga imzo chekilishi kutilmoqda.

Hindiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilning 18-martida yoʻlga qoʻyilgan. Ikki mamlakat oʻrtasida yuqori darajadagi tashriflarning muntazam oʻtkazilishi oʻzaro siyosiy munosabatlarning rivojlanib borayotganini koʻrsatadi.

Soʻnggi yillarda Hindiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar ham oʻsib bormoqda. 2025-yil yakunlariga koʻra, ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 33,3 foizga oshib, 1,3 milliard dollardan oshdi.

Bu ijobiy oʻsish 2026-yilda ham davom etmoqda. Joriy yilning yanvar–iyun oylarida Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 598 million dollarga yetdi. Bu koʻrsatkich 2025-yilning tegishli davriga nisbatan 28,5 foiz yuqoridir.

Narendra Modining Oʻzbekistonga hozirgi davlat tashrifi ikki mamlakat strategik sherikligini yangi yoʻnalishlar boʻyicha rivojlantirish hamda savdo-iqtisodiy [hamkorlikni] kengaytirishga qaratilgandir.