Microsoft korporatsiyasi Windows operatsion tizimlaridagi 400 dan ortiq xatolik va zaifliklarni bartaraf etib, keng ko‘lamli xavfsizlik yangilanishini taqdim etdi. Yangi yangilanish har oyning ikkinchi seshanbasida kompaniya tuzatishlar paketini e'lon qiladigan an'anaviy «Yamoqlar seshanbasi»da (Patch Tuesday) avgust oyida e'lon qilindi.

Microsoft foydalanuvchilarni Windows 11 (25H2, 24H2, 23H2 versiyalari), Windows 10, shuningdek Office, Exchange, Azure va SharePoint servislarida qayd etilgan zaifliklarni tuzatuvchi ushbu yangilanishni tezlik bilan o‘rnatishga chaqirdi.

Action1 mutaxassislarining xabar berishicha, bartaraf etilgan zaifliklardan biri xakerlarga foydalanuvchiga bildirmasdan kompyuterni to‘liq nazorat qilish imkonini bergan. ZDNet xabariga ko‘ra, yangilanishni o‘rnatish uchun foydalanuvchilar «Sozlamalar» → «Windows yangilanish markazi» bo‘limiga o‘tib, yuklab olishni boshlashlari kerak.