
1-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashi raislari BMTning Inson huquqlari bo‘yicha sobiq Oliy komissari Mishel Bacheletning xalqaro tashkilot Bosh kotibi lavozimiga nomzod sifatida ilgari surilgani haqida rasmiy xabarnoma oldilar. Bu haqda Bosh Assambleyaning 80-sessiyasi raisi idorasi vakili La Neis Kollinz brifingda ma’lum qildi.
— Bosh Assambleya va Xavfsizlik Kengashi raislari 1-fevral kuni Mishel Bacheletning nomzod sifatida ilgari surilgani haqida xabarnoma oldilar. Bachelet Chili, Braziliya va Meksika tomonidan ilgari surildi, — dedi La Neis Kollinz.
Avvalroq Chili prezidenti Gabriel Borich Meksika, Braziliya va Chili Bacheletni BMT Bosh kotibi lavozimiga birgalikda nomzod sifatida ilgari surishini ma’lum qilgan edi. Bachelet 2006–2010 va 2014–2018 yillarda ikki muddat Chili Prezidenti bo‘lib ishlagan. U 2018-yil sentyabridan 2022-yil avgustigacha BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari lavozimini egallagan.
Bachelet Lotin Amerikasidan BMT Bosh kotibi lavozimiga da’vogarlik qilayotgan yagona nomzod emas. O‘tgan yilning noyabr oyida Argentina Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) rahbari Rafael Grossini nomzod sifatida ilgari surdi. Amaldagi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning vakolat muddati 2026-yil 31-dekabrda yakunlanadi.
BMT Bosh kotibi Xavfsizlik Kengashi tomonidan saylanadi va Bosh Assambleya tomonidan tasdiqlanadi. Uning vakolat muddati besh yil bo‘lib, qayta saylanish huquqiga ega. Muddatlar soni bo‘yicha cheklov yo‘q, biroq hozirgacha hech kim bu lavozimni 10 yildan ortiq egallamagan. Amaldagi tajribaga ko‘ra, BMT Bosh kotibi Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari — Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh va Fransiya vakillari orasidan tanlanmaydi.
Keywords