Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux davlat rahbari lavozimidan iste’foga chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakatning MONTSAME davlat axborot agentligi xabar bermoqda.

Prezidentning aytishicha, bir kun avval Buyuk Davlat Xurali tarkibidagi Demokratik partiya fraksiyasi tergov o‘tkazilishi uchun undan o‘z vakolatlarini topshirishni so‘ragan.

Xurelsux ushbu taklifni qabul qilganini bildirib, haqiqat aniqlanayotgan davrda o‘z ixtiyori bilan lavozimni tark etish adolat tamoyillariga mos kelishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u davlat rahbari lavozimidan ketishga qaror qilganini e’lon qildi.

Shuningdek, Prezident uning obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar va tuhmatlarni tarqatgan shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi uchun tegishli idoralarga murojaat qilishni rejalashtirayotganini aytdi. Buning maqsadi o‘z qadr-qimmati, sha’ni va obro‘sini himoya qilishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Xurelsux lavozimidan ketib, oddiy fuqaro maqomiga o‘tganidan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashishini va o‘z nuqtayi nazarini batafsil bayon etishini ham ma’lum qildi. «Aytadigan gaplarim bor», — deya qo‘shimcha qildi u.