Qirg‘iziston fuqarolari 20-avgustdan boshlab Xitoyga vizasiz 10 kungacha kirishlari mumkin. Yangi tartib Xitoy tomonidan bir tomonlama asosda joriy etildi.

Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasining tashqi siyosat bo‘limi mudiri Sag‘inbek Abdumutalip Xitoy Migratsiya ishlari bo‘yicha davlat boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, yangi qoida haqida xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarolarining Xitoyga 10 kungacha muddat bilan vizasiz kirishi uchun asosiy shartlardan biri ularning Qirg‘izistonga uchinchi davlat orqali qaytib borishini tasdiqlovchi aviachiptaning mavjudligidir.

Masalan, Qirg‘iziston fuqarosi Pekin, Shanxay yoki Xitoyning boshqa shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchib kelib, ortga Shanxay — Olmaota — Bishkek yoki Pekin — Toshkent — O‘sh kabi yo‘nalishlar orqali qaytishi mumkin.

Xitoyga kirish vaqtida Qirg‘iziston fuqarolari yangi qoida bo‘yicha belgilangan 65 ta o‘tish punktining istalgan biridan foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari, Xitoy Qirg‘iziston fuqarolari uchun Haynan oroliga 30 kungacha vizasiz kirish imkoniyatini ham taqdim etdi.

Yangi qoida Qirg‘iziston fuqarolari uchun Xitoyga sayohat qilishni yengillashtiradi. Endi 10 kungacha safar rejalashtirayotgan fuqarolarga viza uchun hujjatlarni tayyorlash, konsullikka murojaat qilish va tegishli viza yig‘imlarini to‘lash zarur bo‘lmaydi.

Shuningdek, yangi 10 kunlik vizasiz tartib bir tomonlama xususiyatga ega. Ya'ni, Xitoy fuqarolari Qirg‘izistonga kirganlarida hozirgi vaqtda bo‘lgani kabi, viza talablariga amal qilishlari kerak bo‘ladi.