Qozogʻistonda mamlakatning yangi bir palatali parlamentiga — Qurultoyga ilk saylovlar boʻlib oʻtmoqda. Saylov uchastkalarida ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da boshlandi va 20:00 da yakunlanadi. Ovoz berish jarayoni yakunlangach, saylov byulletenlarini sanab chiqish ishlariga kirishiladi. Saylov yakunlarini ovoz berish kunidan boshlab 10 kun ichida, yaʼni 1-sentyabrdan kechiktirmasdan aniqlash va rasmiy eʼlon qilish koʻzda tutilgan. Ovoz berish Qozogʻiston hududidagi 10,4 mingdan ortiq saylov uchastkasida oʻtkazilmoqda. Shuningdek, xorijdagi Qozogʻistonning 61 ta diplomatik vakolatxonasi huzurida 79 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.
Saylovlarda 545 nafar nomzod ishtirok etmoqda Qozogʻiston Markaziy saylov komissiyasi parlament saylovlarida qatnashish uchun yettita siyosiy partiyadan jami 545 nafar nomzodni roʻyxatga oldi. Nomzodlar orasida “Adilet” partiyasidan 186, “Ak jol” partiyasidan 63, “Avil” partiyasidan 69, “Baytak” partiyasidan 47, Qozogʻiston Xalq partiyasidan 72, Umummilliy sotsial-demokratik partiyasidan 33 va “Respublika” partiyasidan 75 nafar nomzod bor. Shu tariqa, saylovlarda mamlakatning turli siyosiy kuchlarini ifoda etuvchi nomzodlar yangi parlament tarkibidan joy olish uchun kurashmoqdalar.
Saylovlarni xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bormoqda Saylovlarning oʻtkazilishiga xalqaro darajada ham nazar solinmoqda. Qozogʻiston Markaziy saylov komissiyasi 42 ta xorijiy davlat va 13 ta xalqaro tashkilot nomidan jami 777 nafar xorijiy kuzatuvchini akkreditatsiyadan oʻtkazdi. Xalqaro kuzatuvchilar orasida 41 ta mamlakat parlamentlarining 138 nafar deputati ham bor. Ular ovoz berish jarayoni va saylovni tashkil etish ishlariga kuzatuv olib bormoqdalar.
Qurultoy ilk bor saylanmoqda Mazkur saylovlar Qozogʻiston parlament tizimidagi muhim oʻzgarishni anglatadi. Saylovlar natijasida mamlakatda qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy vakillik organi — Qurultoyning ilk tarkibi saylanadi. Bungacha Qozogʻistonda Majlis va Senat tarkibidan iborat ikki palatali parlament faoliyat koʻrsatgan edi. Yangi tizimda esa parlamentning bir palatali formatga oʻtkazilishi munosabati bilan Qurultoy qonun chiqaruvchi hokimiyatning asosiy organi sifatida ish olib boradi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.