
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh sun’iy intellekt (SI) bo‘yicha yangi mustaqil xalqaro ilmiy guruh tarkibiga kiruvchi 40 nafar ekspert ro‘yxatini taqdim etdi. Ushbu guruh sun’iy intellekt rivojlanishining haqiqiy natijalarini kuzatish va ularga baho berish uchun tashkil etilgan dunyodagi birinchi to‘liq mustaqil global organ bo‘ladi.
BMT Yangiliklar xizmatining xabar berishicha, Guterresh guruhning faoliyati tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan texnologiyalarni tartibga solishning ko‘p tomonlama mexanizmlarini mustahkamlashga yordam berishini ta’kidladi. BMT rahbari: «Sun’iy intellekt yorug‘lik tezligida rivojlanmoqda. Hech bir davlat sodir bo‘layotgan voqealarning to‘liq manzarasini yakka o‘zi ko‘ra olmaydi», deb aytdi va dunyo umumiy mezonlar hamda ilmiy asoslangan yondashuvlarga muhtojligini qayd etdi.
Guruhga nomzodlarni tanlab olish uchun ochiq global tanlov e’lon qilindi va unga 2600 dan ortiq ariza kelib tushdi. Yakuniy ro‘yxatga mashinali o‘rganish, kiberxavfsizlik, sog‘liqni saqlash, inson huquqlari, bolalar rivojlanishi va ma’lumotlarni boshqarish sohalari mutaxassislari kiritildi. Guruhning barcha a’zolari biror-bir davlat idoralari, xususiy kompaniyalar yoki tashkilotlardan mustaqil ravishda, shaxsiy ekspert sifatida faoliyat olib boradilar.
Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, ushbu guruh sun’iy intellekt haqida ishonchli va xolis ma’lumotlarga alohida ehtiyoj tug‘ilgan sharoitda asosiy yo‘naltiruvchi bo‘ladi. U yangi tuzilma «faktlarni yolg‘on ma’lumotlardan ajratishga» yordam berishini ta’kidladi.
— Guruh o‘z ishini zudlik bilan boshlaydi — dedi Bosh kotib. Birinchi hisobot kelajakdagi norma va standartlar muhokama qilinadigan asosiy xalqaro forum — iyul oyidagi sun’iy intellektni boshqarish bo‘yicha global muloqotga qadar tayyor bo‘ladi.
Guterreshning qayd etishicha, sun’iy intellekt allaqachon dunyoni o‘zgartirmoqda va asosiy masala davlatlarning ushbu o‘zgarishlar bilan birgalikda qadam tashlay olishidadir. «Masala biz ushbu o‘zgarishni birgalikda shakllantirishimizda yoki uning bizni shakllantirishiga yo‘l qo‘yib berishimizda», dedi u.
Bosh kotib kuchayib borayotgan geosiyosiy raqobat va texnologik qarama-qarshilik sharoitida umumiy platforma topish nihoyatda muhimligidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi guruh ilm-fan, birdamlik va xalqaro hamkorlikka asoslangan ana shunday platformaga aylanishi mumkin.
Keywords