Islandiyaning janubiy qirg‘og‘idan taxminan 32 kilometr uzoqlikda joylashgan Surtsey oroli 1963-yilda vulqon otilishi natijasida paydo bo‘lgan. Bugungi kunda ushbu orol tabiiy ekotizimlarning inson aralashuvisiz qanday shakllanishini o‘rganish uchun noyob ilmiy maydon hisoblanadi.

Surtsey oroli sayyohlar uchun yopiq bo‘lib, unga faqat maxsus ruxsatnomaga ega olimlar va mutaxassislar tashrif buyurishlari mumkin. Orolda daraxt ekish, boshqa joylardan o‘simlik ko‘chatlari yoki urug‘larini olib kelish taqiqlangan. Ushbu cheklovlar tabiatning rivojlanishi faqat tabiiy ravishda, mustaqil tarzda kechishini ta’minlash maqsadida joriy etilgan.

Olimlar orolda o‘simliklar va boshqa tirik organizmlarning qanday paydo bo‘lishini, yangi muhitga qanday moslashishi hamda tarqalishini o‘rganadilar. Tadqiqotchilar 1964-yildan buyon orolning tabiiy rivojlanishini muntazam kuzatib kelmoqdalar.

1965-yilda Surtseyda dastlabki tomirli o‘simlik paydo bo‘lgan. Keyingi yillarda o‘simlik dunyosining turlari soni izchil ortib borgan: 10 yil ichida ularning soni 10 taga, 2004-yilga kelib esa 60 taga yetgan.

Hozirgi vaqtga qadar orolda o‘simliklarning 75 turi, lishayniklarning 71 turi va zamburug‘larning 24 turi qayd etilgan. Shuningdek, bu yerda qushlarning 89 turi yashashi aniqlangan. Maydoni 141 gektar bo‘lgan orolda umurtqasiz hayvonlarning 335 turi ham uchraydi.

Surtsey oroli tabiatning yangi yashash hududlarini mustaqil ravishda qanday o‘zlashtirishini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. U olimlarga ekotizimlarning shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini uzoq muddat davomida kuzatish imkonini beradi.