Xitoyning Shenchjen shahrida ochiq maydonda bir vaqtning o‘zida raqsga tushgan 151 ta robot Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Raqs namoyishi shaharda o‘tkazilayotgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (APEC) sammiti doirasida tashkil etildi. Bu haqda «Le Figaro» nashri xabar bermoqda.

Ginnesning rekordlar kitobi vakillarining ma’lum qilishicha, avvalgi rekord 110 ta robotdan iborat guruhga tegishli edi. Yangi rekordning o‘ziga xos jihati shundaki, unda ilk bor inson qiyofasidagi robotlar jahon rekordini o‘rnatish tadbirida ishtirok etdi.

Raqs namoyishiga «EngineAI» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan T800 nomli gumanoid robot boshchilik qildi. Uning bo‘yi 1,73 metr, vazni esa taxminan 75 kilogrammni tashkil etadi. T800 murakkab va tezkor harakatlarni bajarish qobiliyatiga ega bo‘lib, ko‘ngilochar sanoat, ko‘rgazmalar, ilmiy tadqiqotlar va ta’lim sohalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Avvalroq Xitoyda yana bir robot 100 metrga yugurish bo‘yicha dunyoga mashhur sprinter Useyn Boltning rekordidan ham yuqori natija qayd etgan edi. U ushbu masofani 9,32 soniyada bosib o‘tib, sportchining ko‘rsatkichidan 0,26 soniyaga o‘zib ketgan.