
Hozirgi vaqtda dunyoda minglab turli o‘lchamdagi daryolar mavjud. Eng uzun daryo Nil, eng ko‘p suvga ega daryo esa Amazonka hisoblanadi. Yaqinda olimlar yer yuzidagi eng qadimiy daryo Avstraliyadagi Finke daryosi ekanini aniqladilar. Ushbu daryo taxminan 300–400 million yoshda deb baholanmoqda.
Qadimiy Finke daryosi tog‘ manbalaridan boshlanib, bir nechta kanallardan tashkil topgan. Uzunligi 640 kilometr bo‘lib, Janubiy va Markaziy Avstraliyadan oqadi. Qurg‘oqchilik tufayli daryo yilning ko‘p qismini alohida suv havzalariga aylanadi va tez-tez quriydi.
Olimlar geologik ma’lumotlarga tayangan holda, daryo atrofidagi cho‘kindi qatlamlar va tog‘ jinslaridagi radionuklid miqdorini o‘rgandilar. Natijada, daryo Devon (419–359 million yil oldin) yoki Karbon (359–299 million yil oldin) davrida shakllanganligi aniqlandi. Finke daryosi MacDonnell tog‘ tizmasidan boshlanib, Simpson cho‘lida tugaydi.
Daryoning uzoq vaqt davomida oqib turishi hududning tektonik barqarorligi va muzlashning yo‘qligi bilan izohlanadi. Avstraliyadagi Finke platosi juda uzoq vaqt davomida deyarli o‘zgarmagan bo‘lib, 100 million yil davomida sezilarli tektonik faoliyat bo‘lmagan. Bu esa daryoga millionlab yillar davomida mavjud bo‘lish va kengayish imkonini bergan.
Keywords