Olimlar yilning eng kuchli geomagnit bo‘roni haqida ogohlantirdi

Nov 7, 2025 - 18:23
Olimlar yilning eng kuchli geomagnit bo‘roni haqida ogohlantirdi

RAN: Yer Quyoshdagi koronal teshikdan chiqqan plazma oqimiga kirdi

Yer Quyosh yuzasidagi koronal teshikdan chiqqan plazma oqimiga kirdi. Bundan tashqari, Quyoshdagi kuchli portlashlar natijasida hosil bo‘lgan ikki plazma buluti ham Yerga yaqinlashmoqda. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar instituti (IKI) huzuridagi Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi Telegram-kanalida xabar berdi.

Olimlarning aytishicha, yaqin kunlarda Yer nafaqat bu yilning, balki so‘nggi bir necha yilning eng kuchli geomagnit bo‘ronini boshdan kechiradi.

Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, yaqin 24 soat ichida Yer katta koronal teshikning ta’sir zonasiga kiradi va Quyoshdagi yirik portlashlar natijasida otilgan ikki plazma bulutining ta’siriga uchraydi.

Olimlar eslatishdiki, kecha geomagnit bezovchiliklar boshlangan, bugun esa teshikning ta’siri “Quyosh shamoli parametrlarini mutlaqo ekstremal darajalarga olib chiqdi”.

Bundan avval, IZMIRAN Kosmik ob-havo markazi rahbari Mariya Abunina 7-noyabr kuni Yerni yangi kuchli magnit bo‘roni urishini aytgandi.

6-noyabr kuni esa nevropatolog Anastasiya Artemova 7-noyabrda boshlanishi prognoz qilinayotgan kuchli magnit bo‘ronining asosiy fazasi ob-havoga sezgir odamlarda, ayniqsa surunkali kasalliklarga chalinganlarda, sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirdi.