Uzumning sog‘liq uchun foydalari: Tabiatning shirin dori vositasi

Uzum kuz faslining eng shirin va foydali mevalaridan biridir. Unda inson sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan A, B, C, E, PP vitaminlari, shuningdek, kalsiy, fosfor, magniy, kaliy, temir va natriy kabi minerallar mavjud. Bundan tashqari, uzum tarkibida glyukoza, sakkaroza va fruktoza kabi tabiiy shakarlar ham mavjud.

Aug 27, 2025 - 08:56
Uzumning sog‘liq uchun foydalari: Tabiatning shirin dori vositasi

Shuning uchun uzum nafaqat mazali taom, balki sog‘likni mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega. Uzum tarkibidagi foydali moddalar organizmni kuchaytiradi va immunitetni mustahkamlaydi. Mevalarda 14—25 foiz eriydigan, tanada oson so‘riladigan glyukoza, fruktoza, rafinoza va ksiloza kabi shakar turlari mavjud bo‘lib, ular energiya berish ta’sirini kuchaytiradi. Glyukoza qonga tez o‘tib, tananing energiya ehtiyojini tezda qondiradi.

Uzum nafaqat oziq-ovqat mahsuloti sifatida, balki davolash vositasi sifatida ham ishlatiladi. Uning kuchli antiseptik xususiyatlari turli infeksiyalarning rivojlanishini oldini oladi. Uzum kamqonlik, yurak-qon tomir kasalliklari, jigar kasalliklari, nafas yo‘llarining shamollashi va bo‘g‘im og‘rig‘ini davolashda juda foydalidir. Shuningdek, u miya faoliyatini yaxshilash va ruhiy holatni ko‘tarishda katta ta’sir ko‘rsatadi.

Doimiy ravishda uzum iste’mol qiluvchi odam o‘zini yengil, sog‘lom va baquvvat his qiladi. Tabiatning bu shirin hadyasi nafaqat mazali ovqat, balki kuchli sog‘liq manbaidir.