Lebapda sog‘liqni saqlash xodimlari rag‘batlantirildi
Lebap ko‘p tarmoqli shifoxonasida, Turkmeniston sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sanoati xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Turkmeniston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining boshlang‘ich tashkilotlari rahbarlari hamda Turkmanabat shahar kengashi hamkorligida tashkil etildi.
Bayramda viloyatimiz sog‘liqni saqlash tizimi vakillari, Turkmanabat shahridagi S.A. Niyazov nomidagi “Buyan” agroindustriya majmuasi ishchilari hamda Turkmanabat tibbiyot o‘rta maxsus bilim yurtining o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida “Saglyk” (Sog‘liq) Davlat dasturi doirasidagi vazifalarni amalga oshirishda, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda alohida ajralib chiqqan sog‘liqni saqlash xodimlariga bayram sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, tajribali shifokorlar so‘zga chiqib, nutq so‘zladilar.
Nutqlarda, joriy yil “Saglyk” Davlat dasturining 30 yilligi nishonlanayotganligi va shu munosabat bilan barcha tuman va shaharlarda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish va ularni davolashning yangi usullarini joriy etish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilgani, hamda bu sohada salmoqli yutuqlarga erishilgani ta’kidlandi.
