Turkmaniston Mejlisining Spikeri Marokash Milliy Assambleyasi Spikerining o‘rinbosari bilan uchrashdi

4-avgust kuni “Awaza” milliy turizm zonasi hududida tashkil etilgan Parlament forumi doirasida Turkmaniston Mejlisining Spikeri D. Gulmanova bilan Marokash Qirolligi Milliy Assambleyasi Spikerining o‘rinbosari Ghayate Muhammad o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mehmon, Mustaqil, Doimiy Bitaraf Turkmanistonning ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Mejlisning tuzilmasi va faoliyati, shuningdek, Prezident tomonidan amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning huquqiy asosini ta’minlashdagi o‘rni bilan tanishtirildi.
Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va diplomatik munosabatlarning hozirgi darajasi, tinchlikni ilgari surish, xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, hamkorlikni yaxshi niyat asosida kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, uchrashuvda parlamentlararo muloqotning ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik doirasini kengaytirish, qonunchilik va parlament faoliyati bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Bu haqda Turkmaniston Mejlisining rasmiy veb-saytida xabar berilgan.