Turkmaniston va UNIDO o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi

2025-yil 6-avgust kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoat rivojlanishi tashkiloti (UNIDO) Bosh direktori o‘rinbosari Fatou Haydara o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida xabar berildi.
Uchrashuv davomida tomonlar ilgari erishilgan kelishuvlarga muvofiq Turkmaniston bilan UNIDO o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Sanoatlashtirish va aqlli shaharlarni rivojlantirish sohasida “yashil yondashuv”ga asoslangan loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda UNIDO tomonidan Arkadag shahriga berilgan minnatdorchilik sertifikati Turkmanistonning barqaror sanoat rivojlanishi va 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibi doirasidagi faoliyatiga berilgan yuksak bahoni ifodalaydi, deb ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar UNIDO doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarda ishtirok etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.