Xitoy GPU'si Lisuan G100 test natijalari e’lon qilindi — unumdorligi ko‘ngildagidek emas
Lisuan G100 — SMIC’ning 6 nm texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan birinchi xitoylik GPU bo‘lib, u texnologik taraqqiyot va texnologik mustaqillik ramziga aylandi. Biroq dastlabki testlar jahon yetakchilaridan jiddiy orqada ekanini ko‘rsatdi.

Xitoylik Lisuan Technology kompaniyasi Lisuan G100 GPU'sining ilk test natijalarini e’lon qildi
Lisuan Technology kompaniyasi SMIC’ning 6 nm texnologik jarayoni asosida ishlab chiqarilgan Lisuan G100 grafik protsessorining dastlabki test natijalarini taqdim etdi. Videokarta 32 ta hisoblash blokiga, 256 MB videoxotiraga va 300 MHz takt chastotasiga ega.
Geekbench OpenCL testida Lisuan G100 taxminan 15 524 ball to‘pladi, bu ko‘rsatkich Nvidia GTX 660 Ti va Radeon R9 370 kabi eskirgan grafik kartalarning darajasiga to‘g‘ri keladi. NVIDIA GeForce RTX 4060 bilan raqobatlasha olishi haqidagi da’volar hozircha tasdiqlanmagan.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, GPU hozirda "Risk Production" (sinov ishlab chiqarish) bosqichida va ommaviy ishlab chiqarish 2025-yil oxiri yoki 2026-yil boshlariga mo‘ljallangan. Lisuan hozircha drayverlar va optimallashtirishdagi muammolar bilan kurashmoqda, va ularni hal qilish hali oldinda turibdi.