Atlantika okeani tubidan ulkan chuchuk suv zaxirasi topildi
CNN internet portalining xabar berishicha, olimlar uch oylik ekspeditsiya davomida Atlantika okeani ostidan juda katta chuchuk suv havzasini topdilar. Ushbu chuchuk suv zaxirasi AQShning shimoli-sharqiy sohillari — aniqrog‘i, Nyu-Jersi shtatidan Meyn shtatining shimoligacha bo‘lgan hududda joylashgan. Bu suv manbasini aniqlash uchun mutaxassislar 400 metr chuqurlikkacha quduqlar qazishga majbur bo‘lishdi. Ekspeditsiya "Ekspeditsiya 501" deb nomlandi.
Mutaxassislarning aytishicha, shunday yirik suv zaxiralari boshqa qit’alarning qirg‘oqlarida ham bo‘lishi mumkin va bu holat global ichimlik suvi tanqisligini hal qilishda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Hozircha ushbu chuchuk suv zaxirasining kelib chiqishi va yoshi noma’lum. Olimlar bu suv manbasi yangilanadigan (tiklanuvchi) resurs ekanini yoki yo‘qligini aniqlash ustida ish olib bormoqda. Shuningdek, xavfsizlik, iqtisodiy qiymati va eng muhimi — atrof-muhitga tahdidi borasidagi masalalar ham o‘rganilmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin besh yil ichida butun dunyoda chuchuk suvga bo‘lgan talab 40% ga oshishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, dengiz sathi ko‘tarilmoqda, qirg‘oqbo‘yi suv manbalari esa ifloslanmoqda. Bu esa sanoatda suv sarfini yanada oshirmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, topilgan ushbu suv zaxirasi 20 million aholiga ega shahar yoki mamlakatni 800 yil davomida chuchuk suv bilan ta’minlashga yetarlidir.
