Balkandagi korxonada davolovchi loy va dengiz tuzidan sog‘likka foydali tabiiy vositalar ishlab chiqarilmoqda
Balkanabat shahriga yaqin joylashgan, Turkmeniston Sog‘liqni saqlash va dori-darmon sanoati vazirligining «Turkmendermansenagat» birlashmasiga qarashli zamonaviy korxonada hozirgi kunda sog‘liq uchun foydali tabiiy vositalar ishlab chiqarish ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
«Watan» axborot dasturiga ko‘ra, korxona uch bo‘limdan iborat: davolovchi loylarni qayta ishlash bo‘limi, dengiz tuzini qadoqlash bo‘limi va sifat nazorati bo‘limi. Bo‘limlar o‘zaro kompyuter tarmog‘i orqali bog‘langan. Bu yerda Italiya, Turkiya, Yaponiya, Belgiya va Fransiyadan keltirilgan zamonaviy uskuna o‘rnatilgan.
Turkmeniston tabiati turli sog‘likka foydali tabiiy manbalarga boyligi bilan mashhur. Shu jumladan, turli loylar va dengiz tuzi muhim o‘rin tutadi. Davolovchi loylarni qayta ishlash bo‘limida tabiiy manbalardan olingan loy maxsus elak yordamida tosh, qum va boshqa qoldiqlardan tozalanadi, so‘ng zarur darajada maydalab, qadoqlash tizimiga yuboriladi. Bo‘limning ishlab chiqarish quvvati soatiga 600 ta tayyor mahsulotni tashkil qiladi.
Dengiz tuzini qadoqlash bo‘limida esa tuz dastlab zarur miqdorga quritiladi, so‘ng maxsus elak orqali tosh, metal va boshqa qoldiqlardan tozalanadi. Tozalangan tuzning bir qismi maxsus bosim yordamida granula shakliga keltiriladi. Granulalarga turli dori-o‘tlari qo‘shilib, ularga davolovchi xususiyatlar beriladi.
