Bilimning nur chirog‘i: Jahan Jumayeva o‘qituvchilik yo‘li
Mustaqilligimizning shonli 34 yilligi keng nishonlanayotgan kunlarda, mamlakatimizning jamoat hayotida faol ishtirok etayotgan, namuna ko‘rsatib mehnat qilayotgan bir qator fuqarolarga hurmatli unvonlar berildi, davlat mukofotlari topshirildi. Ushbu sharafga sazovor bo‘lganlar qatorida Halaç tumanidagi 3-son o‘rta maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Jahan Jumayeva ham bor. U “Vataniga bo‘lgan muhabbati uchun” medali bilan taqdirlandi.
Jahan Jumayeva 1988 yilda Kerki shahridagi Rehmet Seyidov nomidagi o‘qituvchilik maktabini muvaffaqiyatli tamomlab, hozir ishlayotgan maktabida ish boshladi. Unga o‘z umrini o‘qituvchilikka bag‘ishlagan otasi Gurban Jumayev ustozlik qilgan. 38 yil davomida katta mehnat va fidoyilik bilan yosh avlodga bilim va tarbiya berib kelayotgan bu o‘qituvchi hozirda ko‘plab yoshlarning ustozidir. Ulardan ba'zilari: Ogulsabyr Allakuliyeva, Gulnara Poladova, Aysona Mehmedova. Hamkasblari Jahan o‘qituvchining o‘qitgan o‘quvchilari yuqori sinflarda katta yutuqlarga erishayotganini iftixor bilan ta’kidlaydilar. Uning tarbiyalagan o‘quvchilari bugungi kunda mamlakatimizning turli burchaklarida obro‘li ishlar bilan shug‘ullanmoqda. U hamkasblari, o‘quvchilari ota-onalari va qishloq ahli orasida katta hurmatga ega.
Har darsga ijodiy yondashish Jahan o‘qituvchining odatiga aylangan. Shuning uchun yosh o‘qituvchilar doim undan maslahat oladi. Tuman va viloyat darajasida o‘tkaziladigan uslubiy-amaliy yig‘ilishlarda o‘z ish tajribasini o‘rtoqlashib, ta’lim metodikasini takomillashtirish, yoshlarning bilim darajasini zamonaviy darajada oshirishni har bir o‘qituvchining asosiy vazifasi deb hisoblaydi. Bir necha marotaba “Yilning o‘qituvchisi” tanlovida muvaffaqiyatli qatnashgan. Boshlang‘ich sinf uchun “Yaxshi nima, yomon nima?” mavzusida viloyat darajasida o‘tkazilgan ta’sirli darsi ham e’tiborli bo‘ldi. Hozirda o‘qitayotgan 2-sinf o‘quvchilari yozish, o‘qish, hisoblash ko‘nikmalarini egallagan. Jahan o‘qituvchi darslarini yanada samarali tashkil qilishga harakat qiladi, yangi innovatsion vositalardan va o‘ziga jalb qiluvchi ko‘rgazmali uskunalardan oqilona foydalanadi. Shuningdek, o‘quvchilarning darsda faol qatnashishini ta’minlash uchun ta’limning turli usullarini samarali qo‘llaydi. Har bir darsning o‘ziga xosligini hisobga olgan holda maxsus tayyorlagan savolnomalar, mavzu bilan bog‘liq o‘yinlar, qiziqarli bellashuvlar va boshqa o‘quv materiallari unga bu borada katta yordam beradi. U ta’lim-tarbiya ishlarida Qahramon Arkadagimiz va hurmatli Prezidentimizning bebaho asarlarini yo‘l-yo‘riq qilib, yosh avlodga zamonaviy bilim va tarbiya beradi.
Tajribali o‘qituvchi bolalarning dunyoqarashini yanada chuqurlashtirish maqsadida darsdan tashqari ishlar tashkil etadi. Bu tadbirlarda yurtimizning go‘zal tabiatini, yerosti va yerustidagi boyliklarimizni, o‘simlik va hayvonot olamini qiziqarli tarzda o‘rgatadi. Milliy axloq, boy madaniy merosimiz bilan tanishtirish, Vatan va mehnatga muhabbat uyg‘otish borasidagi sa’y-harakatlari ham e’tiborga loyiq.
U turmush o‘rtog‘i bilan 8 farzand tarbiyalab voyaga yetkazdi. Hozirgi kunda farzandlaridan 4 nafari turli sohalarda oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda. Jahan o‘qituvchi mamlakatimiz jamoat hayotida faol ishtirok etadi, yosh avlodni milliylik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shadi.
“O‘qituvchida avvalo o‘z kasbiga va bolalarga cheksiz muhabbat bo‘lishi kerak. Shunda bolalarning ham sizga bo‘lgan ishonchi, muhabbati, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Hurmatli Prezidentimizning tinimsiz sa’y-harakatlari bilan maktablar kompyuterlar va yangi uskuna-anjomlar bilan ta’minlanishi yosh avlodga berilayotgan ta’lim sifatini yanada yaxshiladi. Yaqinda “Vataniga bo‘lgan muhabbati uchun” medali bilan taqdirlanishim hayotimning eng baxtli lahzalaridan biri bo‘ldi. Hurmatli Prezidentimizning mehnatimga bergan yuqori bahosi meni bundan keyin ham astoydil ishlashga ruhlantirdi,” — dedi tajribali o‘qituvchi Jahan Jumayeva.
Biz ham uni munosib bo‘lgan shu oliy sharaf bilan tabriklab, kelajakda katta yutuqlar tilaymiz.
