Davlatimiz rahbari Avstriya Federal Prezidenti bilan uchrashdi
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshirgan ish safari doirasida Avstriya Respublikasi Federal Prezidenti Aleksandr Van der Bellen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, Avstriya Respublikasi Yevropa mintaqasida Turkmanistonning uzoq yillik muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, do‘stlik va tushunishga asoslangan holda izchil rivojlanib bormoqda. Bu borada siyosiy-diplomatik aloqalarning ijobiy xarakteri alohida qayd etildi. Bugungi kunda Turkmaniston va Avstriya nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama shaklda, xususan Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ham samarali hamkorlik olib bormoqda. Har ikki davlatning betaraflik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosati o‘zaro harakatlarni xalqaro miqyosda muvofiqlashtirishga asos yaratmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etildi. Avstriyaning kompaniyalari ko‘p yillar davomida Turkmaniston bozoriga transport texnikasi, sog‘liqni saqlash, kimyo va neft-gaz sanoati uchun ilg‘or texnologik uskunalarni yetkazib kelmoqda. Ikkala davlatning iqtisodiy salohiyatini to‘liq amalga oshirishda Turkman-Avstriya qo‘shma komissiyasining faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik davlatlararo aloqalarni mustahkamlashda, xalqlarni yaqinlashtirishda hamda madaniyatlarni o‘zaro boyitishda muhim o‘rin tutadi. Xalqimiz boy tarixiy-madaniy merosga ega. Turkmanistonlik musiqachilar Avstriyada o‘tkaziladigan festivallarda muntazam qatnashib, simfonik orkestr tarkibida muvaffaqiyatli chiqishlar qilishmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda Vena bali o‘tkazilishi yaxshi bir an’anaga aylangan. So‘nggi marotaba VI Vena bali 2024-yil 10-oktabrda Arkadag shahrida bo‘lib o‘tgan.
Davlat rahbari Turkmaniston tashabbusi bilan va BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasiga asosan 2025-yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganini, bu muhim sana mamlakatimizning doimiy betaraflik maqomining 30 yilligi bilan mos kelishini ta’kidladi va Prezident Aleksandr Van der Bellenga 12-dekabr kuni Ashxobodda o‘tkaziladigan xalqaro forumda ishtirok etish taklifini bildirdi.
Do‘st davlat rahbari ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, Turkmaniston tomonidan amalga oshirilayotgan betaraflik siyosati global tinchlikka muhim hissa qo‘shayotganini va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini alohida ta’kidladi.
