Dunyoning eng qurg‘oqchil cho‘lida gullar ochildi
Dunyoning eng qurg‘oqchil joyi bo‘lgan Chilidagi Atakama cho‘lida gullar ochildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Janubiy yarimsharda sentyabrdan noyabrgacha bo‘lgan davr bahor fasli hisoblanadi. Shu sababli, bu qurg‘oqchil hududda o‘simliklarning paydo bo‘lishi mavsumiy o‘zgarish bilan bog‘liq. Biroq, hatto bahorda ham Atakamada gullash juda kam uchraydi — faqat bir necha yilda bir marta, cho‘lda yomg‘ir yog‘sa sodir bo‘ladi. Bu yil esa shunday bo‘ldi.
Chilidagi Andres Bello universiteti biologlari cho‘lning og‘ir sharoitlariga chidamli, binafsha-qizg‘ish gullari bor o‘simlikka e’tibor qaratishdi. Bu o‘simlik sentyabr oxiri va oktyabr boshida cho‘lni gul gilamiga o‘xshatib yopib yubordi. Mahalliy aholi bu o‘simlikni "guanakoning tuyog‘i" deb ataydi (guanako — lamaga o‘xshash sut emizuvchi hayvon).
Olimlarning fikricha, ushbu o‘simlikning genetik kodi global isish sharoitida dolzarb bo‘lgan qurg‘oqqa chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlarini yaratishda foydali bo‘lishi mumkin. Hozirda bu taxmin ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
2025-yilning iyun oyida Atakama cho‘liga bir necha o‘n yillikdan beri ilk bor qor yog‘di. Olimlar bu kabi noodatiy hodisalarni iqlim o‘zgarishi bilan bog‘lamoqda.
