Kaspiy dengizi – Barqaror rivojlanish va boshqaruv” nomli o‘quv mashg‘ulotlari

Jul 15, 2025 - 15:46
Kaspiy dengizi – Barqaror rivojlanish va boshqaruv” nomli o‘quv mashg‘ulotlari
Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi

2025-yil 14-iyul kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mamlakatning neft-gaz sohasi, Turkmaniston Kaspiy dengizi instituti va Xalqaro okeanlar instituti hamkorligida ikki haftalik “Kaspiy dengizi – barqaror rivojlanish va boshqaruv” nomli o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida xabar berilgan.

Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida Turkmaniston, Ozarbayjon Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan Kaspiy mintaqasidagi turli sohalar bilan shug‘ullanuvchi ekologlar, diplomatlar, chegara xizmati xodimlari, neft sohasi mutaxassislari, gidrometeorologlar, gidrograflar, huquqshunoslar, iqtisodchilar, transport sohasi vakillari, baliqchilik sohasi mutaxassislari va boshqa tegishli yo‘nalishlar vakillari ishtirok etmoqdalar.

Ochilish marosimida Xalqaro okeanlar institutining bosh ijrochi direktori Antonella Vassallo, BMTning Turkmanistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Dmitriy Shlapachenko, o‘quv mashg‘ulotlari direktori Parvin Farshchi, shuningdek, videoaloqa orqali Xalqaro okeanlar institutining faxriy prezidenti Avni Behnam chiqish qildilar.

Tadbir ishtirokchilari Kaspiy dengizi bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar jarayonidagi ijobiy taraqqiyot hamda Turkmanistonning mintaqada barqaror rivojlanish g‘oyalari va mexanizmlarini ilgari surishdagi hissasini alohida ta’kidladilar.

O‘quv dasturi odatdagidek dengiz hududlarini rejalashtirish bo‘yicha faol modulni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, ushbu kurs doirasida ilk bor milliy yurisdiktsiyadan tashqarida biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha bitimga bag‘ishlangan maxsus seminar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.