Motorola «iPhone 17 Air» bilan raqobatlashishi mumkin bo‘lgan smartfonini tayyorlamoqda

Oct 2, 2025 - 19:37
Motorola «iPhone 17 Air» bilan raqobatlashishi mumkin bo‘lgan smartfonini tayyorlamoqda

Motorola brendi yaqinda yangi «Moto X70 Air» smartfonini chiqarishini rasmiy ravishda tasdiqladi. Qurilma oktabr oyining oxirida sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan. Kompaniya tomonidan taqdim etilgan dastlabki qisqa tanishtiruvchi suratlar yangi qurilmaning ingichka va engil dizayniga hamda sun’iy intellekt imkoniyatlariga e’tibor qaratmoqda. Suratlarda o‘ng tomonda ovoz nazorat tugmalari va quvvat tugmasi ko‘rinib turibdi, orqa panelda esa kamida ikkita kameradan iborat modul joylashgani taxmin qilinmoqda. Motorola hozircha qurilmaning aniq texnik xususiyatlarini oshkor qilmagan.

«Moto X70 Air» modelining taqdimot suratlarida qalinligi atigi 5,6 mm va og‘irligi 165 gramm bo‘lib, bu «iPhone 17 Air» modeliga bo‘lgan qiziqish ortayotgan davrga to‘g‘ri keladi. «Moto X70 Air» o‘lchamlari hali rasmiy e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, taqdim etilgan suratlar uning ham Apple kompaniyasining yangi modeli kabi ingichka dizaynga ega bo‘lishini tasdiqlaydi.

Shuningdek, yaqinda Xitoyning TENAA regulyator tashkilotining ma’lumotlar bazasida «XT2533-4» model raqamli Motorola qurilmasi paydo bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilmada 6,72 dyuymli 1.5K LCD displey, 2,4 GHz chastotali protsessor, 16 GB gacha operativ xotira, 512 GB gacha ichki xotira, 7000 mA/soat quvvatga ega kuchli batareya, 32 MP old kamera va 50 MP + 8 MP o‘lchamdagi asosiy kamera moduli mavjud.

Ushbu qurilma «Moto X70 Air» modeli bo‘lishi mumkin, deyilmoqda. Yangi smartfon narxi haqida esa hozircha hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q.