Porsche birinchi marta Cayenne’ning elektr versiyalarini taqdim etdi
Porsche ikki xil elektr krossoverini namoyish qildi. Cayenne Turbo Electric versiyasi brend tarixidagi eng kuchli seriyali avtomobil hisoblanadi. Kompaniya Cayenne Electric elektr krossoverini taqdim etdi. Model ikki to‘liq-privodli ko‘rinishda chiqariladi: Cayenne Electric va Cayenne Turbo Electric.
Bazaviy versiya 0 dan 100 km/soatgacha 4,8 soniyada tezlanadi, maksimal tezligi esa 230 km/soat. Uning quvvati haydash rejimiga qarab 403 dan 436 ot kuchigacha yetadi.
Flagman model 0 dan 100 km/soatgacha 2,5 soniyada chiqadi va maksimal 260 km/soat tezlikka erishadi. Cayenne Turbo Electric oddiy rejimda 857 ot kuchi ishlab chiqaradi, Push-to-Pass tizimi esa quvvatni deyarli 1 140 ot kuchigacha oshiradi. Kompaniya bu avtomobilni Porsche tarixidagi eng kuchlisi deb e’lon qildi.
Har ikki model 113 kVt⋅soat sig‘imli batareyalar bilan jihozlangan. Cayenne Electric bir quvvatlashda 642 km gacha, Turbo versiyasi esa 623 km gacha masofa bosishi mumkin. Har ikki modelda simsiz quvvatlash funksiyasi mavjud — Porsche bu texnologiyani birinchi bor qo‘lladi.
Cayenne Electric va Cayenne Turbo Electric oldindan buyurtma uchun allaqachon ochiq. Bazaviy model narxi 111,35 ming dollar, flagman model esa 165,35 ming dollardan boshlanadi. Yetkazib berish 2026-yilning yozida boshlanishi rejalashtirilgan.
