Dubayda dunyodagi eng baland mehmonxona ochildi

Nov 20, 2025 - 17:53
Dubayda dunyodagi eng baland mehmonxona ochildi

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Ciel Dubai Marina nomli yangi osmono‘par mehmonxonaning ochilishi bo‘lib o‘tdi. Uning balandligi 377 metrni tashkil etib, dunyodagi eng baland mehmonxona sifatida tan olindi. Bu natija bilan u avvalgi rekordchi Gevora mehmonxonasini ortda qoldirdi.

Loyiha The First Group kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi, arxitektura esa xalqaro NORR Group tomonidan ishlab chiqildi. Qurilish China Railway 18th Bureau Group bilan hamkorlikda olib borildi.

Mehmonxonada 1004 ta xona mavjud bo‘lib, ularning barchasidan Palma Jumeira oroli va Dubay-Marina hududi ko‘rinib turadi.

Ciel Dubai Marina quyidagi rekordlarni ham o‘rnatdi:

  • 76-qavatdagi Tattu Sky Pool dunyodagi eng baland basseyn deb e’lon qilindi;

  • 81-qavatdagi Tattu Sky Lounge esa dunyoning eng baland klubiga da’vogar.

Mehmonxonaning ochilishi Dubayning turizm sohasini kengaytirish strategiyasiga mos keladi. 2024-yilda shahar 17 milliondan ortiq xorijiy sayyohlarni qabul qildi.