Turkiyada EEAdan tashqari davlatlardan olib kiriladigan avtomobillarga qo‘shimcha soliq joriy etildi
Yevropa Iqtisodiy Hududiga kirmaydigan va Turkiya bilan erkin savdo bitimi bo‘lmagan davlatlardan olib kiriladigan yengil avtomobillar uchun yangi soliq majburiyatlari kuchga kirdi.
Report agentligining turk nashri Ekonomimga tayanib xabar berishicha, ushbu choralar ayrim avtomobil modellari assortimenti qisqarishiga, ayrim brendlar raqobatbardoshligining pasayishiga hamda importyorlar strategiyasining qayta ko‘rib chiqilishiga olib kelishi mumkin.
“Benzinli va dizelli avtomobillar uchun qo‘shimcha 25% soliq yoki kamida 6 ming dollar miqdorida soliq belgilandi. Xuddi shu stavka gibrid modellarga ham tatbiq etiladi. Plug-in gibridlar uchun soliq 30% yoki kamida 7 ming dollar, elektromobillar uchun esa 30% yoki kamida 8,5 ming dollar qilib belgilangan.”
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, soliq tizimidagi o‘zgarishlar ayrim avtomobillar narxining 500 ming liradan (taxminan 12 ming dollar) ko‘proqqa oshishiga olib keladi. Ushbu choralar Xitoy, Yaponiya, Meksika, Janubiy Afrika va boshqa davlatlardan — Turkiya bozorining yirik yetkazib beruvchilaridan — import qilinadigan avtomobillarga ham ta’sir qiladi.
