Turkmaniston Mejlisining Raisi bilan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida “Awaza” milliy turizm zonasida Turkmaniston Mejlisining Raisi D. Gulmanova bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Narbayeva o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mejlisning rasmiy saytida xabar berildi.
Xabarda qayd etilishicha, uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining doimiy sa’y-harakatlari natijasida Turkman- O‘zbekiston aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganligi, shuningdek, shu doirada parlamentlararo hamkorlik samarali davom etayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Buning yaqqol dalili sifatida ikki mamlakat delegatsiyalarining bir-birining hududida o‘tkazilayotgan xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarda faol ishtirok etishi hamda ko‘p tomonlama dialog doirasida hamkorlik qilishi ko‘rsatildi.
Ta’kidlanganidek, bunday tadbirlar va tashriflar parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirishga, o‘zaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi.
“Awaza” milliy turizm zonasida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va uning doirasida tashkil etilgan Parlament forumi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik munosabatlarini yanada rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘lishi ta’kidlandi.