Turkmaniston Prezidenti yangi harbiy texnika bilan tanishdi va armiyani ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ish safari doirasida Sarahs etrapidagi yangi qurilgan chegara kompleksiga tashrif buyurdi. U yerda zamonaviy harbiy texnika va kiyim-boshlar bilan tanishib, Qurolli Kuchlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tegishli rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi.
TDH xabariga ko‘ra, Prezident Sarahs chegara otryadiga qilgan tashrifi davomida yaqinda harbiy bo‘linmalarga topshirilgan yangi texnikaning xususiyatlarini diqqat bilan o‘rgandi. Namoyish etilgan texnika yuqori jangovar imkoniyatlarga ega bo‘lib, bo‘linmalar harakatchanligini va jangovar tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Serdar Berdimuhamedov harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning moddiy-texnik bazasini tizimli ravishda mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, zamonaviy texnikadan foydalanuvchi yosh askarlar va zobitlarning professional darajasini oshirish muhimligi qayd etildi.
Tashrif davomida harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan, mavsumiy va iqlimiy sharoitlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan yangi harbiy kiyimlar ham taqdim etildi. Prezident askarlarni sifatli kiyim-kechak va ishonchli oziq-ovqat bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Ko‘rikdan so‘ng davlat rahbari armiyaning logistika va texnik ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha mas’ul tuzilmalarga qo‘shimcha topshiriqlar berdi.