Turkmaniston Prezidentiga Qozog‘istonning eng oliy ordeni topshirildi

Nov 25, 2025 - 16:42
Nov 25, 2025 - 16:45
Turkmaniston Prezidentiga Qozog‘istonning eng oliy ordeni topshirildi
Turkmaniston Prezidentiga Qozog‘istonning eng oliy ordeni topshirildi
Turkmaniston Prezidentiga Qozog‘istonning eng oliy ordeni topshirildi

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni respublikaning eng yuqori davlat mukofoti — “Altyn Qyran” (“Oltin Burgut”) ordeni bilan taqdirladi. Mukofot topshirish marosimi Ostonada ikki davlat o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng bo‘lib o‘tdi.

“Turkmenistan” gazetasida xabar qilinishicha, mukofot ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shilgan ulkan hissa, davlatlararo aloqalarning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilish, shuningdek, qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirishdagi sa'y-harakatlar uchun berildi.

Mukofotni topshirarkan, Toqayev Serdar Berdimuhamedovning an’anaviy turkman-qozoq do‘stligi va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdagi shaxsiy hissasini alohida ta’kidladi.

O‘z javob nutqida Turkmaniston Prezidenti yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirar ekan, uni Turkmaniston xalqiga bo‘lgan hurmatning va ikki xalqni asrlar davomida birlashtirib kelayotgan do‘stlikning timsoli sifatida qabul qilayotganini aytdi.

Turkmaniston Prezidenti 24–25 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘lib turibdi.

1995 yilda ta'sis etilgan “Altyn Qyran” ordeni Qozog‘istonning eng oliy davlat mukofotidir. U respublika oldidagi alohida xizmatlari bor shaxslar, mashhur davlat, jamoat va siyosat arboblariga beriladi. 2022-yil iyun oyida bu mukofot bilan Turkmaniston Halk Maslahaty raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham taqdirlangan edi.