Allergiya rivojlanish xavfini kamaytiruvchi mahsulot aniqlandi
Nutrients jurnali: pomidorlarni muntazam iste’mol qilish allergik kasalliklar xavfini kamaytiradi
Pomidorlarni muntazam ravishda iste’mol qilish organizmda surunkali yallig‘lanishga qarshi kurashishga yordam beradi va allergik kasalliklar xavfini kamaytiradi. Bu haqda Yaponiyaning Kanadzava universiteti olimlari xabar berdi. Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotda 40 yoshdan oshgan mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Olimlar ularning ovqatlanish tartibini qon tahlillari bilan taqqoslab, pomidorni tez-tez iste’mol qilgan odamlarda eozinofillar darajasi pastroq ekanini aniqladilar. Eozinofillar allergik va yallig‘lanish reaksiyalarida ishtirok etadigan hujayralardir.
Yosh, jins, tana vazni, zararli odatlar va surunkali kasalliklar kabi omillar inobatga olingandan keyin ham bu bog‘liqlik saqlanib qoldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har kuni qo‘shimcha 10 gramm pomidor iste’mol qilish eozinofil darajasining oshish ehtimolini taxminan 10% kamaytiradi.
Tadqiqotchilar bu ta’sirni pomidor tarkibidagi likopin, polifenollar va flavonoidlar kabi biologik faol moddalar majmuasining ta’siri bilan izohlaydi. Ushbu moddalar yallig‘lanishga qarshi kuchli xususiyatlarga ega, antioksidant himoyani mustahkamlaydi va immun tizimi faoliyatini tartibga soladi. Bunda C vitamini yoki foliy kislotasi kabi alohida vitaminlar shunday ta’sir ko‘rsatmadi.
Olimlar ta’kidlashicha, pomidorni muntazam ravishda iste’mol qilish astma, allergik rinit va immun tizimi buzilishiga bog‘liq boshqa yallig‘lanish holatlarini oldini olishda foydali bo‘lishi mumkin. Kelajakda olimlar pomidorni uzoq muddatli iste’mol qilishning organizmdagi yallig‘lanish darajasiga ta’sirini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
