Yurak xuruji va insult xavfini oshiruvchi asosiy omillar aniqlandi

Kardiolog Rogojkina: Yetti omil yurak xuruji va insult xavfini kuchaytiradi

Nov 6, 2025 - 09:23
Yurak xuruji va insult xavfini oshiruvchi asosiy omillar aniqlandi

Miokard infarkti va ishemik insult odatda to‘satdan sodir bo‘lmaydi — bu kasalliklarga “xavf omillarining yig‘ilishi” deb ataluvchi uzoq jarayon sabab bo‘ladi. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyot va profilaktika milliy ilmiy markazi”ning kardiologi va “Agar yuragingiz bo‘lsa” loyihasi muallifi Elizaveta Rogojkina “Gazeta.Ru”ga bergan suhbatida nazoratda saqlanishi kerak bo‘lgan yetti asosiy xavf omilini sanab o‘tdi.

«Ko‘pincha bemorlar yurak xuruji va insultni butunlay boshqa kasalliklar deb o‘ylashadi: biri yurakka, biri miyaga ta’sir qiladi. Aslida esa bu ikkalasi bitta kasallik — ateroskleroz —ning turlicha ko‘rinishidir. Bu surunkali kasallik bo‘lib, unda arteriyalar devorlari asta-sekin qalinlashadi, elastikligini yo‘qotadi va ichki yuzasida yog‘ (lipid) blyashkalari hosil bo‘ladi. Bu blyashkalar qon tomirlarini toraytirib, qon aylanishini buzadi va to‘qimalarni kislorodsiz qoldiradi. Agar yurakni oziqlantiruvchi arteriya to‘silib qolsa — infarkt, miyaning qon tomiri to‘silsa — ishemik insult rivojlanadi», — dedi Rogojkina.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nazorat qilish mumkin bo‘lgan asosiy xavf omillari — surunkali stress, uyqusizlik, shuningdek, oziq-ovqatda to‘yingan va trans yog‘larning ortiqligi. Ular “yomon” xolesterin miqdorini oshiradi va ateroskleroz rivojlanishini tezlashtiradi.

«Yana bir muhim omil — arterial gipertoniya (qon bosimi yuqoriligi). U aterosklerotik blyashkalar hosil bo‘lishiga olib keladi. Xolesterinning yuqori darajasi tomir devorlarida yog‘ to‘planishiga, tomirlarning torayishiga va qon aylanishining buzilishiga sabab bo‘ladi. Chekish ham xavf omilidir: nikotin tomir spazmini keltirib chiqaradi, qondagi kislorod miqdorini kamaytiradi va aterosklerozni tezlashtiradi. Shakarli diabet va insulin qarshiligi (insulinorezistentlik) ham xavfli bo‘lib, glyukoza almashinuvi buzilishi tomirlarni shikastlaydi va ularning qarishini tezlashtiradi. Semizlik va jismoniy faollikning pastligi ham xavfni oshiradi», — dedi shifokor.