AQSh havo taksilarini joriy etishni tezlashtirish uchun sinov dasturini ishga tushirdi

AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) mamlakat transport tizimiga havo taksilarini tezroq joriy etish maqsadida yangi sinov dasturini boshlaganini e’lon qildi.

Sep 13, 2025 - 08:40
AQSh havo taksilarini joriy etishni tezlashtirish uchun sinov dasturini ishga tushirdi

Reuters xabariga ko‘ra, mahalliy kompaniyalar ilg‘or havo transporti tizimlarini rivojlantirishda hali ham me’yoriy to‘siqlarni yengib o‘tishga harakat qilmoqda.

Dastur doirasida kamida beshta davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshiriladi. Bu loyihalarda mahalliy va mintaqaviy hokimiyatlar hamda xususiy kompaniyalar ishtirok etadi. Asosiy maqsad – vertikal qo‘nish va uchish imkoniyatiga ega bo‘lgan elektr uchish qurilmalarining (eVTOL) xavfsiz ishlashini ta’minlashdir.

Havo taksilarini ishlab chiqarayotgan kompaniyalar bozorda iloji boricha tezroq sertifikat olish va faoliyat boshlashga intilmoqda. eVTOL qurilmalari vertikal tarzda uchib-qo‘na oladi va bu ularni shahardagi qisqa masofali safarlar yoki aeroportlarga qatnov uchun ideal vositaga aylantiradi. Bu esa tirbandliklardan qochishga yordam beradi.

FAA rahbari Brayan Bedfordning aytishicha, ushbu sinov loyihalari orqali yig‘ilgan tajriba kelajakda butun mamlakat bo‘ylab xavfsiz va keng ko‘lamli havo taksi tizimini yo‘lga qo‘yishda qo‘l keladi.

Mazkur dastur iyun oyida AQSh prezidenti Donald Trampning farmoni bilan boshlangan.

Shuningdek, Hindiston, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlar ham eVTOL texnologiyalarini joriy etishni tezlashtirish ustida ish olib bormoqda.