Boeing kompaniyasi ViaSat-3 F2 sun’iy yo‘ldoshini 2025 yilda uchiradi
Dunyoning yetakchi aviatsiya va kosmik kompaniyalaridan biri bo‘lgan Boeing o‘z mijoziga yangi yuqori tezlikdagi aloqa sun’iy yo‘ldoshi — ViaSat-3 F2 ni rasmiy ravishda uchiradi. Bu sun’iy yo‘ldosh ViaSat-3 seriyasining ikkinchi uchiriladigan qurilmasi bo‘lib, dunyo bo‘ylab yuqori sig‘imli internet tarmog‘ini yaratishga qaratilgan.
Yangi qurilma Boeing 702MP+ platformasi asosida yig‘ilgan va to‘liq elektr harakatlantiruvchi tizim bilan jihozlangan. Sun’iy yo‘ldoshning asosiy aloqa uskunalari Viasat kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Ular yordamida sekundiga 1 terabitdan ortiq ma’lumot uzatish imkoniyati mavjud.
Taxminan 6 tonna vaznga ega bo‘lgan ViaSat-3 F2 ilg‘or Spectrolab quyosh panellari va yuqori quvvatli energiya saqlash tizimi bilan ta’minlangan.
Boeing ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh Antonov AN-124 yuk samolyoti orqali Kep Kanaveral kosmodromiga yetkazilgan. Hozirda Atlas V 551 raketasi yordamida uchirishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Uchirish 2025-yilning oxirida rejalashtirilgan. Agar loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, yangi sun’iy yo‘ldosh yordamida Amerika qit’asi va dengiz hududlaridagi foydalanuvchilar uchun aloqa xizmatlarining sig‘imi va ishonchliligi sezilarli darajada oshadi.
ViaSat-3 tizimi dunyodagi eng yirik orbital internet loyihalaridan biri bo‘lib, global miqyosda yuqori tezlikli va barqaror aloqa xizmatlarini taqdim etishni maqsad qilgan.
