AQShda politsiya jinoyatchilarni ta’qib qilish uchun sun’iy intellektli dronlardan foydalanmoqda

Oct 12, 2025 - 09:36
AQShda politsiya jinoyatchilarni ta’qib qilish uchun sun’iy intellektli dronlardan foydalanmoqda

Axios axborot portalining huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tayanib xabar berishicha, AQShning ko‘plab yirik shaharlari politsiyasi jinoyatchilikka qarshi kurashish va favqulodda holatlarga javob berish uchun sun’iy intellekt bilan jihozlangan zamonaviy dronlardan faol foydalanmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, deyarli har bir yirik shaharda politsiya boshqarmasining o‘z dron tizimi mavjud. Dronlar kuzatuv, jinoyatchilarni aniqlash, hodisalarni hujjatlashtirish va tergov ishlarida qo‘llaniladi. Ular real vaqt rejimida havo suratlarini va zarur ma’lumotlarni olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, dronlar tibbiy maqsadlarda ham qo‘llanilmoqda – masalan, giyohvand moddalarni haddan tashqari iste’mol qilishda o‘limning oldini olish uchun burun orqali qo‘llaniladigan dori vositalarini yetkazib beradi. Dronlar 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilinganidan so‘ng darhol jo‘natiladi va tezkor javob beruvchi yangi bo‘linma sifatida ishlaydi.

Masalan, Nyu-Meksiko shtatining Albukerke shahrida dronlar avtomobil o‘g‘rilarini tutishda politsiyaga yordam bermoqda.