Mbappe jarohati sababli Fransiya terma jamoasidagi o‘rnini yo‘qotdi
Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe jarohat tufayli vaqtincha Fransiya terma jamoasini tark etdi va 2026-yilgi jahon chempionati saralash bosqichi doirasida 13-oktabr kuni Islandiyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yinda ishtirok eta olmaydi. Bu haqda Fransiya Futbol Federatsiyasining (FFF) rasmiy saytida xabar berildi.
Juma kuni Fransiya terma jamoasi jahon chempionati saralash bosqichida Ozarbayjonni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Mbappe bu o‘yinda sardor sifatida asosiy tarkibda maydonga tushdi va gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq 83-daqiqada jarohat olgani sababli zaxiraga olindi.
"Mbappe o‘ng to‘pig‘idan olgan jarohati tufayli dushanba kuni Islandiyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yinda ishtirok eta olmaydi. Bosh murabbiy Dide Deshamps uning o‘yinda qatnashmasligini tasdiqladi. Shundan so‘ng Mbappe o‘z klubi — “Real”ga qaytarildi va uning o‘rniga boshqa futbolchi chaqirilmaydi", — deyiladi xabarda.
Joriy mavsumda Mbappe turli musobaqalarda 10 o‘yinda maydonga tushib, 14 ta gol urgan. U 9 ta gol bilan La Liganing hozirgi mavsumidagi eng sermahsul futbolchisi bo‘lib qolmoqda.
