Bolalar olami bilan birinchi qadam: bog‘chalarda ta’lim va tarbiya
Maktabgacha muassasalarda bolalarning bilimlari va dunyoqarashlarini rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi. Bu yerda tarbiyalanayotgan bolalar nafaqat savodli va bilimli bo‘lish bilan cheklanmay, balki xalqimizning oliyjanob urf-odatlariga muvofiq tarbiyalanadilar. Ularning san’at va ijodga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Turkmenabat shahridagi 23-bolalar bog‘chasida 56 yildan beri bolalarga ta’lim va tarbiya berilmoqda. Bu yerda yaratilgan imkoniyatlar juda keng. Bog‘chada jami 18 guruh faoliyat yuritadi. Ulardan biri kechki ish rejimida ishlaydi. Bu esa kechki navbatchilikda ishlaydigan fuqarolarimiz uchun juda qulay imkoniyatdir.
Ota-onalar oilada bolalarga odob-axloqni o‘rgatsa, bog‘cha tarbiyachilari esa ta’lim-tarbiya beradi. Ular bolalarning maktabga yaxshi tayyorlanishi, aql va mehnat ko‘nikmalarining rivojlanishi uchun fidoyilik bilan mehnat qilishadi.
Bu bog‘chada o‘z kasbini sevuvchi, malakali tarbiyachilarning ko‘pchiligi yoshlar. Shunday bo‘lsa-da, bu yerda tajribali ustoz tarbiyachilar ham faoliyat yuritadi. Ulardan biri bolalarni o‘z farzandidek sevadigan Selbi Yaraşova. U ushbu oliyjanob kasbda allaqachon 43 yil mehnat qilmoqda.
Hamkasblari orasida tajribali ustoz sifatida hurmat qilinadigan, bolalar tomonidan mehribon buvi sifatida sevib yashatiladigan Selbi Yaraşova o‘z mehnati, bilimdonligi va ulug‘ insoniyligi bilan barcha tarbiyachilarga namuna bo‘ladi. Uning fidoyilik bilan qilgan mehnati Mustaqilligimizning 20 yilligi munosabati bilan “Yubiley medali” bilan taqdirlandi.
— Bola — hayotimiz gulidir, Vatanimizning va xalqimizning kelajagidir. Har bir oila o‘z farzandidan faxrlanadi. Shu sababli biz tarbiyachilar ta’lim-tarbiya ishlarini talabga muvofiq va faol uslubda tashkil qilishga harakat qilamiz, — deydi Selbi Yaraşova.
Haqiqatan ham, ushbu tarbiya muassasasida bolalarning so‘zlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, atrof-muhit va tabiat bilan tanishtirish, savod o‘rgatish, jismoniy sog‘liq, qo‘shiq-saz, matematika, rasm chizish bo‘yicha darslar o‘tkaziladi. Ushbu darslar orqali bolalarda vatanparvarlik, insonparvarlik, kattalarni hurmat qilish, tengdoshlariga e’tibor va mehnatga muhabbat kabi xislatlar shakllantiriladi.
Bog‘chaga qatnaydigan bolalar bilan ta’lim-tarbiya tadbirlari o‘tkazilganda, ularning yosh xususiyatlari va qobiliyatlari ham hisobga olinadi. Bolalar bilan olib boriladigan darslarda va tarbiya ishlarida zamonaviy kompyuterlar, o‘quv-ko‘rgazmali vositalardan samarali foydalaniladi. Bu esa bolalarning har bir darsni oson o‘zlashtirishlariga yordam beradi.