Chikagoda birinchi kvant internet tizimi ishlab chiqilmoqda
So‘nggi yillarda kvant teleportatsiyasi sohasidagi yutuqlar global aloqa tizimini tubdan o‘zgartira oladigan kvant internetining yaratilishiga yo‘l ochmoqda.

Fermilab va Kaliforniya Texnologiya Institutining olimlari fotonlarning kvant holatini optik tolali kabel orqali 44 kilometrgacha bo‘lgan masofada 90% dan yuqori aniqlikda muvaffaqiyatli uzatishga erishdilar.
Kvant teleportatsiyasi kvant chigallik (bog‘liqlik) hodisasiga asoslanadi. Bunday holatda zarrachalar bir-biridan uzoqda bo‘lsa ham, o‘zaro bog‘langan holda qoladi. Shuning uchun ma’lumotlar an’anaviy aloqa usullariga qaraganda tezroq, deyarli bir zumda uzatiladi. Albatta, bu yerda ilmiy-fantastik filmlardagi kabi jismlar ko‘chirilmaydi — faqat ularning kvant holati yuboriladi.
Eksperiment CQNET va FQNET nomli ikkita kvant tarmog‘i orqali o‘tkazildi. Yuqori aniqlik tizimning barqarorligini ko‘rsatadi, bu esa kelajakdagi texnologik rivojlanish uchun juda muhim. Bu yutuq AQSh Energetika vazirligi milliy kvant internetini yaratish rejasini e’lon qilganidan bir necha oy o‘tib ro‘y berdi. Hozirda Fermilab jamoasi Chikagoda birinchi kvant internet tarmog‘i — Illinois Express Quantum Network — ustida ishlamoqda.
Bungacha, 2024-yil dekabr oyida AQShning Northwestern Universiteti olimlari 30,2 km uzunlikdagi optik tolali kabel orqali ilk bor kvant teleportatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirgandilar. Bu kabel klassik internet trafigini uzatish uchun ham ishlatilgan edi. Bu esa kvant va an’anaviy tarmoqlarni yagona infratuzilmaga birlashtirish imkoniyatini isbotlaydi.
Bu kashfiyotlar kvant interneti — bu afsona emas, balki yaqin kelajakdagi haqiqat ekanini ko‘rsatmoqda. U orqali o‘ta xavfsiz ma’lumot almashinuvi, taqsimlangan hisoblash va yangi o‘lchov usullari kabi imkoniyatlar ochiladi.